Markaz ochilishi

Bugun Toshkent shahrida Kinematografiyani rivojlantirish markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori o‘rinbosari Nizami Maxmudov va Markazi direktori Oybek Abdushukurov qizil lentani kesdilar. Tadbirda kino arboblari, kino tanqidchilari, xususiy kinostudiyalar rahbarlari va OAV vakillari ishtirok etdilar.

Qizil lentani kesish marosimidan so‘ng Kinematografiyani rivojlantirish markazining maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berishga bag'ishlangan press-konferentsiya tashkil etildi. Oybek Abdushukurov Markazning kelajak rejalari va faoliyati haqida batafsil ma'lumot berdi. 

Tashkilotning maqsadlari:

  • Tashkilot a’zolari va kinematografiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning professional ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa korxona, tashkilot, muassasalarda ifoda etish;
  • kino san’atining fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy va ahloqiy kamol topishidagi ahamiyatini, nufuzini targ‘ib qilish va yuksaltirish choralarini ko‘rish;
  • Tashkilot a’zolari tomonidan mamlakatimizning milliy manfaatlariga, ma’naviy qadriyatlariga, urf-odatlariga mos keluvchi xizmatlar ko‘rsatish va mahsulotlar ishlab chiqarilishiga erishishlariga va ularni mahalliy va xalqaro bozorlarda targ'ib qilishlariga ko‘maklashish;
  • kinematografiyaning zamonaviy bozorini rivojlantirish, Tashkilot a’zolari uchun qulay ijodiy, texnikaviy, ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar yaratilishiga ko‘maklashish;
  • kinematografiyani rivojlantirish uchun xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirishda qatnashish, kinofestivallar, ijodiy uchrashuvlar va boshqa tadbirlarnitashkil qilish, xalqaro kinofestivallar va kinobozorlarda faol ishtirok etish;
  • kinematografiya sohasidagi normativ-huquqiy bazani yaratishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda tashabbuskor bo‘lish va ishtirok etish;
  • o‘z faoliyatiga doir istiqbolli rejalar, ijodiy loyihalarni va maqsadli dasturlarni mustaqil ravishda ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • Tashkilot a’zolarining mualliflik va turdosh huquqlarini, qadr-qimmati va ishchanlik obro'sini himoya qilishga ko‘maklashish, audiovizual asarlar mualliflari va boshqa huquq egalarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqarish;
  • Tashkilot a'zolarining intellektual, moliyaviy va boshqa resurslarini ularning birgalikdagi professional faoliyatlariga tadbiq etishga ko‘maklashish;
  • kinoprokat tizimini tashkil etishga ko'maklashish, filmlarni tayyorlash va tarqatish sohasida raqobatni yanada kuchaytirish, filmlarni ommaviy namoyish qilish borasida mobil va raqamli televidenie kabi ilg‘or zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish, kinoprokatning istiqbolli yangi tarmoqlarini tashkil qilish uchun zarur sharoitlarni yaratish.

Markazning ustuvor maqsadi  kinematografiyani rivojlantirgan holda, milliy qadriyatlarga asoslangan uzbek modelini yaratishdan iborat.